MA`RUZALAR

E`zoz va ehtiromning yorqin ifodasi

1 oktyabr – O`qituvchi va murabbiylar kuni

“XXI asr – raqobat asri”. Yurtboshimizning ushbu ta’rifi bugungi kunni teran tasavvur etish imkonini beradi. To`g`ri, bizning asrimizga axborotu internet asri kabi o`nlab sifatlar berilayotgani bor gap. Biroq ushbu qarashlar zamirida intellektual boylik, salohiyat borasidagi raqobat mujassamdir.

Bunday sharoitda, aytish mumkinki, har bir davlat va xalq o`ziga xos rivojlanish konsepsiyasini ilgari suradi hamda jahonda munosib o`rin egallashga intiladi. O`zbekistonda esa inson omiliga hal qiluvchi asosiy kuch sifatida qaralib, yuksak ma’naviyatga ega, zamonaviy bilimlarni puxta o`zlashtirgan, har qanday sohada dunyo mamlakatlari yoshlari bilan tenglasha oladigan yangi avlodgina jamiyat taraqqiyotini belgilashiga qat’iy ishonch bildirilmoqda.

Yaqinda poytaxtimizda o`tkazilgan “O`zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli va ahamiyati” mavzuidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida nutq so`zlagan Prezidentimiz ushbu masala xususida fikr yuritar ekan, jumladan, shunday dedi: “Bugungi kunda faqat yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan va professional tayyorgarlikka ega bo`lgan yoshlargina sifatli, jadal va innovasion taraqqiyotning eng muhim sharti va garovi bo`la olishi, aynan ular mamlakatning buyuk kelajagini ta’minlashi mumkinligiga kimnidir ishontirish yoki buni isbotlab berishning hojati yo`q, deb o`ylayman. Ana shu g`oyat muhim jihatni e’tiborga olgan holda, O`zbekistonda kadrlar tayyorlash masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo`nalishi etib belgilangan”.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan sohaning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgani bois belgilab olingan o`ziga xos siyosat amalda o`z samarasini bermoqda. O`rni kelganda shuni alohida qayd etish kerakki, fuqarolarimizning sifatli ta’lim olishiga oid huquqlari, avvalo, Konstitusiyamiz orqali mustahkamlab qo`yilgan. Jumladan, Asosiy Qonunimizning 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi” deya qayd etilgan. Ana shu tamoyildan kelib chiqib, o`tgan yillar davomida ta’lim tizimi istiqbolini belgilovchi qator hujjatlar qabul qilindi.

“Ta’lim to`g`risida”gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturining hayotga izchil tatbiq etilishi tufayli joylarda yangidan-yangi umumta’lim maktablari barpo etildi, mavjudlari ko`rkam qiyofaga keltirilib, eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. 9+3 tamoyili asosida 12 yillik umumiy majburiy bepul ta’lim tizimining joriy etilgani, maktab ta’limi yetti tilda – o`zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg`iz, turkman va tojik tillarida olib borilayotgani, Yurtboshimiz tashabbusi bilan O`zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi tashkil qilinib, yoshlar o`rtasida sportni ommalashtirishning noyob tizimiga asos solingani xalqaro miqyosda ham alohida e’tirof etilmoqda. Shuningdek, yuz minglab farzandlarimizni, yigit va qizlarni ommaviy ravishda jismoniy sog`lomlashtirish va sportga jalb etish maqsadida yo`lga qo`yilgan uch bosqichli musobaqalar tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o`yinlari ham jahonda muqobili yo`q, yosh avlodni voyaga etkazishda eng maqbul va samarali tizim sifatida e’tibor qozonib, dunyo mamlakatlari tomonidan keng o`rganilayotgani ham hech kimga sir emas.

Joriy yilning 16-17 fevral kunlari poytaxtimizda tashkil etilgan “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizasiya qilishning eng muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ko`plab yirik xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, jumladan, BMT, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki vakillari, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi dunyoning 48 davlatidan ta’lim tizimi rahbarlari, olimlar hamda mutaxassislar qatnashib, O`zbekistonning yosh avlod ta’lim-tarbiyasi borasida to`plagan tajribasi har tomonlama andoza olishga arzigulik ekanini e’tirof etgani mamlakatimizning o`ziga xos taraqqiyot yo`li, xususan, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarimiz muvaffaqiyati uning naqadar to`g`riligiga yana bir ishonchli dalil bo`ldi.

Yaqinda Fransiyaning nufuzli “Insead” xalqaro biznes maktabi va Jahon intellektual mulk tashkiloti (JIMT) tomonidan tayyorlangan “2012 yildagi innovasiyalarning global indeksi” deb nomlangan tahliliy ma’ruzaga asoslangan holda, xalqaro media olamida mashhur bo`lgan CNN kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan AQSh, O`zbekiston va jahonning boshqa davlatlarida ta’limning holati to`g`risidagi qiyosiy axborotida O`zbekiston ta’lim sohasidagi innovasiyalar ko`rsatkichi bo`yicha ikkinchi o`rinni egallagan. Ushbu tadqiqot dunyo miqyosida yalpi ichki mahsulotning 99,4 foizini ishlab chiqaradigan, sayyoramiz aholisining 94,9 foizi istiqomat qiladigan 141 mamlakat o`rtasida o`tkazilganini inobatga olsak, berilgan baho naqadar yuksak va xolis ekanini yaqqol tasavvur etish mumkin.

Bunday e’tiroflar asosini, shak-shubhasiz, mustahkam ustunlar ushlab turibdi. Jumladan, dunyoda global moliyaviy-iqtisodiy inqirozning salbiy ta’siri davom etayotgan bir sharoitda ta’lim sohasini rivojlantirish va isloh qilishga har yili mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 10-12 foizi va davlatimiz byudjeti xarajatlarining 35 foizi yo`naltirilmoqda. E’tiborlisi, yoshlarimizni har tomonlama yetuk, yuksak intellektual salohiyatli avlod qilib tarbiyalash uchun sarflanayotgan ana shu mablag`larga kelajakka qo`yilayotgan muhim investisiya sifatida qaralmoqda.

Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi doirasida respublikamizdagi jami 9763 ta maktabning 8501 tasida, ya’ni 3 million 12 ming o`quvchi o`rniga mo`ljallangan umumta’lim muassasalarida olib borilgan ulkan bunyodkorliklar haqida ham keng to`xtalib o`tish kerak, aslida. Ammo bu alohida mavzu. Shu bilan birga, ta’lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo`yicha byudjetdan tashqari jamg`arma tuzilgani umummilliy dastur yakunlangach, qurilish-ta’mirlash ishlarini davom ettirish imkonini bermoqda. Xususan, birgina 2012 yili 14 ta yangi uy-joy massivida zamonaviy maktablar barpo etildi, 187 ta umumta’lim muassasasi rekonstruksiya qilinib, 162 tasi kapital ta’mirlandi. Shuningdek, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. O`quvchilarning darsliklar bilan ta’minlanish holati ham yaxshilandi. Agar 1991 yili bu boradagi ko`rsatkich 55,4 foizni tashkil etgan bo`lsa, o`tgan yili 99,4 foizga ko`tarildi. Barcha o`quvchilar darsliklardan arzonlashtirilgan narxlarda, ijara tizimi asosida foydalanishmoqda. Bu yil ham maktablarning 1-sinfiga qadam qo`ygan 500 mingdan ortiq bolalar 12 nomdagi o`quv qurollari va portfeldan iborat “Prezident sovg`asi”ga ega bo`lishdi.

Shuningdek, 580 976 ta kam ta’minlangan oila farzandlari qishki kiyim-bosh to`plami bilan, 10 699 nafar yakka tartibda uyda ta’lim oluvchi o`quvchi zaruriy o`quv qurollari va darsliklar bilan davlat byudjeti mablag`lari hisobidan ta’minlandi.

Davlatimiz rahbari yoshlar bilan bo`lgan muloqotlarida ularni doimo bir necha xorijiy tillarni o`rganishga da’vat etib keladilar. Bu da’vat nihoyatda dolzarb va ahamiyatlidir. Avvallari bolaga yoshligidan chet tillarini o`rgatish ko`proq ota-ona zimmasida bo`lgan bo`lsa, hozirgi kunga kelib maktabning boshlang`ich sinflaridanoq bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilib, chet tillar intensiv shaklda o`rgatilmoqda. E’tiborlisi, informatika fani 5-sinfdan boshlab joriy etildi.

Albatta, zamonaviy bino va inshootlar, o`quv va amaliy mashg`ulot qurollari, laboratoriya uskunalari, axborot-kommunikasiya texnologiyalari o`qituvchi uchun ham, o`quvchi uchun ham keng imkoniyatlar yaratadi. Eng muhimi, ana shu shart-sharoitlardan oqilona foydalanib, ta’lim mazmunini oshirish, sifat ko`rsatkichiga e’tiborni kuchaytirishdir. Bu bugungi kunning eng dolzarb vazifasi hisoblanadi va ustoz-murabbiylarimiz zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Mustaqillik yillarida o`qituvchilarning mashaqqatli mehnati e’zoz topib, pedagoglik chin ma’nodagi nufuzli kasbga aylanganini ta’kidlash joiz. Masalan, dunyoning 200 dan ortiq davlati orasida faqat O`zbekistondagina 1 oktyabr – O`qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanadi. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Bu bayram, avvalo, o`zining bilim va tajribasi, iste’dod va mahorati, insoniy fazilatlarini, ko`z nuri va qalb qo`ri, butun borlig`ini ayamasdan, ma’rifat yo`lida beminnat xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining yaqqol namunasidir”.

1992 – 2012 yillar davomida xalq ta’limi tizimida jami 3,5 mingga yaqin pedagog davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangani, ayniqsa, 6 nafar hamkasbimiz “O`zbekiston Qahramoni” degan oliy mukofotga loyiq ko`rilgani yurtimizda o`qituvchilik kasbi naqadar e’zozlanayotganidan dalolat beradi. Qolaversa, xalq ta’limi xodimlaridan 104 nafari “El-yurt hurmati”, 21 nafari “Fidokorona xizmatlari uchun”, 259 nafari “Mehnat shuhrati”, 507 nafari “Sog`lom avlod uchun”, 347 nafari “Do`stlik” ordenlari, 1252 nafari “Shuhrat”, 9 nafari “Jasorat” medallari va boshqa unvonlar bilan taqdirlangani mamlakatimizda o`qituvchi va murabbiylarning sharafli mehnati yuksak qadrlanishini anglatadi.

Bugun respublikamizdagi 9763 ta umumta’lim maktabida 416 ming 188 nafar pedagog 4,5 milliondan ko`proq o`quvchi-yoshlarga saboq bermoqda.

Maktablarga yosh kadrlarni jalb qilish masalasi ham doimiy e’tiborda. Misol uchun, 2004 yili oliy o`quv yurtlarida pedagogika va kasbiy ta’lim yo`nalishi bo`yicha tahsil olgan 2945 nafar bitiruvchi ish bilan ta’minlangan bo`lsa, shu yil oliy o`quv yurtlarini grant asosida bitirgan 7629 nafar yosh mutaxassis maktablarda o`z ish faoliyatini boshladi.

Rag`bat, e’tibor insonni yanada ko`proq izlanishga, faol bo`lishga undaydi. Bugun xalq ta’limi tizimida ishlayotgan har bir pedagog davlat miqyosida ko`rsatilayotgan cheksiz e’zoz va g`amxo`rlikni his qilib yashamoqda. Pedagog xodimlar mehnatini rag`batlantirish bo`yicha izchil amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida o`qituvchilarning o`rtacha ish haqi 2004 yil 1 yanvardagiga nisbatan 11,1 barobarga oshirildi. Ayniqsa, izlanuvchan ustoz-murabbiylarni qo`shimcha rag`batlantirish maqsadida tashkil etilgan direktor jamg`armasi ijobiy samara bermoqda. 2012 yilning birinchi yarmida 189 599 nafar, ya’ni 45,6 foiz o`qituvchiga ustamalar belgilangan. Bu esa o`qituvchilar o`rtasida ijodiy raqobat muhitini yaratib, ularni yangidan-yangi izlanishlar sari chorlamoqda.

Muxtasar aytganda, istiqlol yillarida O`zbekistonda ta’lim-tarbiyaning pirovard maqsadi, mazmun-mohiyati tubdan o`zgardi, yangilandi. Ziyolilarimizga, ularning eng katta va faol qismini tashkil etadigan ming-minglab jonkuyar o`qituvchi va muallimlar, ustoz hamda murabbiylarga bo`lgan hurmat-ehtirom oliy darajaga ko`tarildi. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, “Dunyo imoratlari ichida eng ulug`i maktab bo`lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o`qituvchilik va murabbiylikdir”.

Temir Shirinov,
O`zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri.